1 avgust kuni “AKFA Medline” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “O’zbekiston kardiojarrohligida tarixiy o’zgarishlar” mavzusida anjuman o’tkazildi. Tadbirda Sog’liqni saqlash vazirligi vakillari, kardiojarrohlik yo’nalishida faoliyat yuritayotgan shifokorlar, klinika rahbariyati va xodimlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirning rasmiy qismida tibbiyot markazining yuqori malakali shifokorlari qisqa vaqt ichida turli murakkablikdagi 600 ga yaqin jarrohlik operatsiyalarini muvaffaqiyatli o‘tkazishgani qayd etildi. Klinikada yurak-qon tomir kasallliklarini davolash va oldini olishning zamonaviy usullari qo’llanib kelinmoqda. Ma’lumki, kasallikni davolashda aniq tashxis qo‘yish juda muhim hisoblanadi.
Tadbir davomida so’zga chiqqanlar ishlab turgan yurakda aortokoronar shunt o‘rnatish, Fallo tetradasini radikal korreksiyasi, Bental de Bono, Aorta klapanini protez qilish va boshqa murakkab operatsiyalar o’tkazilgani haqida ma’lumot berishdi. Shu bilan birga, turli yoshdagi bemorlarning operatsiyagacha bo’lgan ahvoli, zamonaviy uskunalarda qo’yilgan tashxis va operatsiyadan keyingi holati tahlil qilindi.
“Hamyurtlarimiz dardlariga shifo izlab, murakkab jarrohlik amaliyotlarini o’tkazish uchun xorijiy mamlakatlarga borishmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz – rivojlangan davlatlarda amalga oshirilayotgan operatsiyalarni yurtimizda o’tkazish. Agar buning imkoni bo’lmasa, xorijlik mutaxassislarni O’zbekistonga taklif qilib, tibbiyot markazimizda barcha sharoitlarni ta’minlab berishdan iborat. Shu bilan birga, xususiy tibbiyotda jahon tan oladigan yetuk mutaxassislarni kamol toptirish. Hozirgi kunda “AKFA Medline” tibbiyot markaziga Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan bemorlar tashrif buyurishmoqda. Bu orqali biz tibbiy turizm rivojiga ham o’z hissamizni qo’shmoqdamiz”, – deya ta’kidladi “AKFA Medline” tibbiyot markazi rahbari Kamola Mirzaliyeva.
Tibbiyot markazda murakkab jarrohlik amaliyoti bilan qisqa vaqt ichida 9 ta bemor davolandi. Ular orasida jajji bemorlar ham bor. “AKFA Medline” tibbiyot markazi bu kabi tadbirlarni tashkil qilish orqali respublikadagi shifokorlarning bilim darajasi va amaliy ko’nikmalarini yanada oshirishni maqsad qilgan.